MEHMONXONA TURIDAGI YOTOQXONA TOʻGʻRISIDA NIZOM

I.  Umumiy qoidalar

1.1.Institutning mehmonxona turidagi yotoqxonasi (bundan soʻng Yotoqxona deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi mazkur Nizom yotoqxonaning mavqei, asosiy vazifalari, funksiyalari va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, Vazirlar Mahkamasining qarori va bir qancha qonun osti hujjatlari hamda mehmonxona xizmatini koʻrsatish tartiblari asosida ishlab chiqilgan.

1.2.Yotoqxona Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti (bundan keyingi oʻrinlarda Institut deb yuritiladi) Ustavi  va mazkur Nizomga muvofiq oʻz faoliyatini yuritadi va institutning ajralmas boʻgʻini hisoblanadi hamda institut tarkibiga kiradi.

1.3.Yotoqxona malaka oshirish uchun kelgan va xizmat safarida boʻlgan Davlat statistika qoʻmitasi tizimi xodimlarini, mavjud boʻsh oʻrinlarga esa Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlaridan kelgan mehmonlarni, u shaxs qayerda roʻyxatga olinganidan qatʼiy nazar, vaqtincha yashashlari uchun xizmat qiladi.

Yotoqxonaga chet el fuqarolarini joylashtirishga ruxsat etilmaydi.

Yotoqxonaga tizimdan tashqari kelgan mehmonlar guruhini qabul qilish institut rahbariyati ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Kelishilgan muddat tugagandan soʻng fuqarolar egallagan joylarini boʻshatishlari lozim.

Dastlabki kelishilgan muddat tugashidan 2 soat oldin fuqaro yashash muddatini yotoqxona maʼmuriga murojaat qilib, uzaytirishi mumkin.

Agar joylar tinglovchilar yoki tizim xodimlarining xizmat safari bilan bogʻliq sabab bilan band boʻladigan boʻlsa, mehmonning turish vaqtini uzaytirish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisida oldindan xabar berilishi shart.

Yotoqxonada yashovchilarning turishi va dam olishi uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar sanitariya meʼyorlari talabi asosida yaratilgan boʻlishi shart.

Yotoqxona tunu-kun ish rejimida faoliyat yuritadi.

1.4. Yotoqxonadan foydalanganlik uchun haq toʻlash miqdori oilaviy holda doimiy yashaydigan tizim xodimlari va boshqa mehmonlar uchun alohida belgilanadi va institut rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.

1.5.Yotoqxonaning moliyaviy, moddiy-texnikaviy   taʼminlanishi         va saqlanishi, xodimlar ish haqini toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda yotoqxonada koʻrsatilgan xizmatlar uchun va ijara haqi uchun toʻlanadigan  tushumlar tarzidagi daromadlar hisobidan qoplanadi.

1.6. Yotoqxona ichki tartibi institut direktori tomonidan tasdiqlangan  “Institutning mehmonxona  turidagi  yotoqxona xududi va bino ichida xavfsizlikni tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi  yoʻriqnoma” asosida muvofiqlashtirib boriladi.

1.7. Yotoqxonaga qabul qilingan tinglovchi va mehmonlarning familiya, ismi, otasining ismi, toʻgʻilgan joyi va yashash manzillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mehmonlarni qayd etish kitobida (ip bilan bogʻlangan, nomerlangan va muhrlangan kitob) roʻyxatga olib boriladi.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat boʻlmagan holda yotoqxonaga kirish qatʼiyan man etiladi.

Yotoqxona xodimlarining huquq va majburiyatlari umumiy funksiyalaridan   va ish sharoitidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

1.8.Yotoqxonada boʻsh boʻlgan xonalar korxona va tashkilotlarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, shartnomaviy asosda belgilangan qonun xujjatlariga muvofiq, institut rahbariyati ruxsati orqali ijaraga berilishi mumkin.

II.  Hujjatlarni rasmiylashtirish  va toʻlov tartibi

2.1. Institutga malaka oshirish uchun hududiy statistika organlaridan kelgan tinglovchilar, xizmat safari bilan kelgan xodimlar va boshqa mijozlar yotoqxonaga faqat shaxsini tasdiqlovchi pasport orqali qabul qilinadi. Harbiylar harbiy biletlari orqali ham qabul qilinishi mumkin.

Xizmat safari bilan kelgan tizim xodimlari pasport va safar guvohnomasini koʻrsatib joylashadi.

2.2.Malaka oshirishga kelgan tinglovchilar yotoqxona uchun pul toʻlamaydilar. Ular uchun pul toʻlovlari, tuzilgan dalolatnomalar asosida, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan  davlat statistika ishlari dasturini moliyalashtirish mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

2.3.Xizmat safari bilan kelgan davlat statistika tizimi xodimlari safar guvohnomasini koʻrsatgan holda tizim xodimlari uchun belgilangan narxlarda yotoqxonaga joylashadi.

2.4.Boshqa mehmonlar institut maʼmuriyati tomonidan belgilangan shartnomaviy baholarda, xonalar preyskuranti asosida, boʻsh joylarga qabul qilinadi.

2.5.Boʻsh joylar mavjud boʻlganda, kelgan mehmon xohishi boʻyicha   2 yoki 3 oʻrinli xonani tanlashi mumkin va toʻliq toʻlovni amalga oshirgandan soʻng foydalanishga beriladi.

2.6.Yotoqxonada turish uchun toʻlovlar yagona hisob-kitob vaqti joriy sutkaning soat 1200 vaqti bilan amalga oshiriladi.

Hisob-kitob qilingan vaqtdan 12 soatgacha boʻlgan vaqt uchun yarim sutkalik haq toʻlanadi, 12 soatdan ortiq vaqt uchun sutkalik toʻliq summa toʻlanadi.

Bir sutkadan ortiq boʻlmagan vaqtda yashash uchun hisob-kitob vaqtidan qatʼiy nazar toʻliq sutka haqi toʻlanadi.

2.7.Mehmon bilan birga kelgan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarga (bittadan ortiq boʻlmagan holda) alohida joy ajratilmasa, toʻlov olinmaydi.

III.  Joylarni oldindan band qilish

3.1.Institut maʼmuriyati yotoqxonada boʻsh joylar mavjudligida joylarni oldindan band qilish (bronlash) boʻyicha shartnoma tuzishga haqlidir.

Boʻsh joylar mavjud boʻlganda yuridik va jismoniy shaxslardan joylarni band qilib qoʻyish boʻyicha ogʻzaki yoki yozma tartibda buyurtma olinishi mumkin.

3.2.Band qilish boʻyicha shartnoma quyidagilarni hisobga oladi:

joylarni band qilish tartibi;

band qilish muddati;

tomonlar javobgarligi;

shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi boʻyicha jarima sanksiyalari.

IV.  Yotoqxonada yashovchilarning huquq va majburiyatlari

4.1. Yotoqxonada yashovchi mehmonlar quyidagi huquqlarga ega:

sanitariya meʼyorlariga javob beradigan, toza va keng xonalarni tanlashi;

eng kam talablar boʻyicha boʻlishi kerak boʻlgan jihozlarni xonada mavjud boʻlishini  talab qilish;

meʼyorda ishlaydigan santexnika jihozlari boʻlishi, issiq va sovuq suv bilan taʼminlanganligini talab qilish;

yaroqsiz holga kelgan uskunalar, koʻrpa-yostiq va boshqa jihozlarni oʻz vaqtida almashtirib turilishini talab etish;

koʻrsatilayotgan xizmatlardagi kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etilishini talab etish.

4.2.Yotoqxonada yashovchilar quyidagi talablarni bajarishga maʼsuldirlar:

ushbu tartib qoidalariga qaʼtiy amal qilish;

oʻzlari yashaydigan xonani saranjom tutish;

oʻzaro va yotoqxona xodimlari bilan doimo samimiy va ahil munosabatda boʻlish;

yotoqxona va xonalardagi mavjud barcha jihozlar (shkaf, krovat, tumbochka, stol-stul  va  boshqalar) dan  ehtiyotkorona foydalanish;

xonadagi mebellarga va boshqa jihozlarga, deraza va unga qoʻyilgan oynalarga zarar yetkazmaslik;

xonalarda va umumiy foydalanish joylarida sanitariya holatiga rioya qilish, santexnika va elektrotexnika vositalaridan toʻgʻri  foydalanish va toza  tutish;

elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan  tejamli foydalanish, elektr isitgich asboblaridan maʼmuriyat ruxsatisiz mutlaqo foydalanmaslik;

texnika va yongʻin xavfsizligi  qoidalariga rioya qilish;

yotoqxona uchun toʻlanadigan toʻlov haqini oʻz vaqtida toʻlab borish;

moddiy zarar yetkazilgan holda amaldagi qonunlarga muvofiq zararni qoplash;

dam olish xonasida va yotoqxona hududida spirtli ichimliklar isteʼmol qilmaslik, chekish  uchun  ruxsat  etilgan  maxsus  joylardan tashqari boshqa joylarda chekmaslik;

xonada ruxsatsiz begona kishilarning boʻlishiga va ularning tunab qolishlariga yoʻl qoʻymaslik;

yotoqxona ichida shubhali shaxslar (shubhali koʻringan buyumlar) va boshqa holatlar aniqlangan hollarda, zudlik bilan navbatchi qorovulga xabar berish;

deraza va balkonlardan turli xil chiqindi hamda boshqa narsalarni tashlamaslik;

favqulodda holatlar yuz berganda harakat qilish tartib qoidalariga rioya etish, boshqa fuqarolarga  yordam koʻrsatish;

xonani topshirish chogʻida barcha xona jihozlarini toʻliq holda yotoqxona xodimiga topshirish.

V.  Maʼmuriyat vazifalari

5.1.Institut direktori Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyati bilan kelishgan holda yotoqxona boshqaruvchisini ishga tayinlaydi.

5.2.Institut direktori yotoqxona   maʼmuriyati orqali yotoqxona binosidan toʻgʻri foydalanish va uning sanitariya holati uchun, unda belgilangan tartib saqlanishi, yashovchilarning maishiy turmushini tashkil etish uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlarni taʼminlab berishga masʼul hisoblanadi.

5.3.Yotoqxona maʼmuriyati quyidagi ishlarni bajaradi:

yotoqxonaning xonalarini jihozlash va ularni sanitariya talablariga javob beradigan tarzda saqlash;

xonalarni tegishli  mebel, koʻrpa-yostiq,  choyshab va boshqa inventarlar bilan taʼminlash;

yuqorida koʻrsatilgan buyum va jihozlarni zarur hollarda oʻz vaqtida  taʼmirlash va almashtirish;

yotoqxonani namunali xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bilan taʼminlash;

aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish;

mehmonlarni qabul qilganda ularni ichki tartib qoidalari, koʻrsatiladigan xizmatlar, toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va boshqa xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirish.

Yotoqxona maʼmuriyati mehmonlar uchun quyidagi xizmatlarni (zarur hollarda) bepul amalga oshirishi shart:

tez tibbiy yordam xizmatlarini chaqirish;

tibbiy aptechkadan foydalanishni taʼminlash;

qaynagan suv, nina, ip bilan taʼminlash.

5.4.Yotoqxonaga qabul qilingan tinglovchi va mehmonlarning familiya, ismi, otasining ismi, toʻgʻilgan joyi va yashash manzillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mehmonlarni qayd etish kitobida (ip bilan bogʻlangan, nomerlangan va muhrlangan kitob) roʻyxatga olib boriladi.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat boʻlmagan holda yotoqxonaga kirish qatʼiyan man etiladi.

5.5.Yotoqxonada ozodalik va ichki tartibga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha yotoqxona boshqaruvchisi javobgar boʻladi.

5.6. Yotoqxona maʼmuriyati  quyidagilarga masʼuldir:

 yotoqxona binosida yongʻin xavfsizligini taʼminlash, barcha zaruriy ashyolar bilan jihozlash;

 xonalarning tozaligi, yoritilishi va isitish tizimining ishlashi;

issiq va sovuq suv bilan taʼminlanishi;

sanitar tizim (hojatxona, vanna)larning meʼyoriy ishlashini taʼminlash;

spirtli ichimliklarning isteʼmol qilinishi va jamoat tartibining buzilishiga yoʻl qoʻymasligi;

yashovchi mehmonlarning takliflarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish va institut direktori bilan kelishilgan holda hal etish;

yashovchi mehmonlardan yashash uchun toʻlangan pul mablagʻlarini oʻz vaqtida va toʻliq holda oʻrnatilgan tartibda institut gʻaznasiga topshirish.

5.7.Yotoqxona  maʼmuriyati mehmon va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar oʻrtasida yuzaga kelgan bahs-munozaralarni Kasaba uyushma qoʻmitasi raisi bilan koʻrib chiqadi.

5.8.Maʼmuriyat tinglovchi va mehmonlarning qimmatli buyum va pul mablagʻlarini saqlash uchun javobgar hisoblanmaydi.

5.9.Shikoyat va takliflar kitobi maʼmurda saqlanadi. Yotoqxona maʼmuriyati  mehmonlarning birinchi talabi bilan mazkur kitobni berishga majburdir.

5.10.Kitobga qayd etilgan shikoyat va takliflar institut maʼmuriyati tomonidan koʻrib chiqiladi va tegishli choralar koʻriladi.

VI.  Yotoqxonada Davlat statistika tizimida koʻp yil ishlab kelayotgan xodimlarning vaqtincha yashash tartibi

6.1.Yotoqxonaning 6, 7, 8 va 9 - qavatlarida boʻsh boʻlgan xonalarga oilaviy turar joyga muhtoj boʻlgan tizim xodimlari, vaqtincha yashashlari uchun, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tasarrufidagi yotoqxona binosidan tizim xodimlariga vaqtincha turar joy ajratish, berish va undan foydalanish reglamenti”ga asosan, qoʻmita ishchi guruhining yakuniy qaroriga muvofiq joylashtiriladi.

Yotoqxonaga joylashgan xodim bilan 5 kun ichida Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq uch tomonlama shartnoma rasmiylashtiriladi.

6.2.Vaqtincha yashash uchun turar joy ajratilgan xodimlar va ularning oila aʼzolari ularga ajratilgan turar joydan Reglament va shartnoma shartlariga, texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalariga, institut yotoqxonasida oʻrnatilgan ichki tartib qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda foydalanishlari shart.

VII.  Yotoqxona xodimlarining  javobgarligi

7. Yotoqxona xodimlari mazkur nizomda belgilangan vazifa, funksiya   va majburiyatlarni toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, oʻziga berilgan vakolatlar, huquqlardan qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi uchun javobgardirlar.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech