Statistika agentligi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan «Statistika asoslari» bo‘yicha shartnoma asosida Andijon viloyatining mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari iqtisodchi xodimlari uchun Andijon shahrida shu yilning 29 – 31 may kunlariga mo‘ljallangan qisqa muddatli sayyor o‘quv kursi boshlandi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi “O’zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 84 - bandida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda iqtisodiyot tarmoqlari iqtisodchi xodimlarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida shartnoma asosida “Statistika asoslari” bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirilgan.
Davlat rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori talabini 2023-yilda bajarilishini tizimli tashkil etish maqsadida, “Statistika asoslari” bo‘yicha 20 soatlik maxsus o‘quv kursi ishlab chiqilgan hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining direktori tomonidan 2023-yil 12-yanvar kuni “O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ - 4796-sonli qaroriga muvofiq 2023-yilda davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda korxonalar va tashkilotlar iqtisodchi xodimlari uchun shartnoma asosida “Statistika asoslari” kursini tashkil etish va o‘tkazish reja - jadvali” tasdiqlangan.
Mazkur reja - jadvalga muvofiq va Statistika agentligi hamda Andijon viloyati hokimligining bevosita ko‘magida sayyor o‘quv kursi shu yilning 29 – 31-may kunlari respublikamizning eng salohiyatli va nufuzli hududlaridan biri hisoblanadigan Andijon viloyatining barcha bo‘g‘indagi hokimliklari va viloyat tashkilotlari iqtisodchi xodimlari uchun sayyor kurs tarzida tashkil etildi va o‘tkazilmoqda.
O’quv kursi ishtirokchilari Statistika agentligi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti professor - o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan tegishli o‘quv va tarqatma materiallar, shuningdek, 2022-yil yanvar - dekabr holatiga tarmoqlar va hududlar ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanishining tahliliy statistik ma’lumotlari bilan ta’minlanadi va kurs yakunida ularga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.










