Asosiy -> Yangiliklar -> Institut yangiliklari -> 2021 yil uchun tadqiqotlar dasturining bajarilishi
2021 yil uchun tadqiqotlar dasturining bajarilishi
“Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan 2021 yilda amalga oshiriladigan statistika tadqiqotlari dasturi”ning bajarilishi bo‘yicha ma’lumot.
Davlat statistika qo‘mitasi raisi tomonidan 2020 yil 20 dekabrda tasdiqlangan “Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan 2021 yilda amalga oshiriladigan statistika tadqiqotlari dasturi”ga asosan, hisobot yilida institutning statistik tadqiqotlar bo‘limlari tomonidan quyidagi 10 ta mavzuda tadqiqot ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:
1. “Kichik korxona va mikrofirmalarda iqtisodiy tarmoqlar kesimida (sanoat, savdo, qurilish xizmat, transport) tanlanma kuzatuvlarni o‘tkazish tadqiqoti”.
2. “Ishchi kuchi tanlanma kuzatuvini o‘tkazish bo‘yicha uslubiy nizom”.
3. «Xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida aholi turmush darajasini ifodalovchi ko‘rsatkichlarni hisoblash hamda uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvini o‘tkazish uslubiyatini takomillashtirish”.
4. “Qurilish ishlari hajmini mavsumiy omillarni inobatga olgan holda hisoblash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish”.
5. “Iste’mol savatchisi va tirikchilik uchun eng kam miqdorning aniq qiymati va tarkibi bo‘yicha aholining qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasini ishlab chiqish”.
6. “Xizmatlar hajmini yanada to‘liqrok aks ettirish maqsadida xizmatlar sohasidagi yashirin sektor hajmini baholash bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish”.
7. “Fermer xo‘jaliklari faoliyatini tanlanma statistik kuzatuvlar usulida o‘rganish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar (xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tajriblarini inobatga olgan holda)”.
8. “Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni aks ettirishda matematik statistika va ekonometrika usullarini keng qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar”.
9. ”Xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida to‘yib ovqatlanmaslik tarqalishi ko‘rsatkichlarini aniqlashga uslubiy yondashuvlar”.
10.”Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning statistik tahlilini takomillashtirishning nazariy-uslubiy jihatlari”.
2021 yil dasturiga kiritilgan ushbu tadqiqot ishlari institut ilmiy xodimlari va shartnoma asosida jalb etilgan ilmiy xodimlar tomonidan rejada belgilangan muddatlarda tayyorlanib, Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etildi va qo‘mitaning Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi hamda tegishli tarmoq statistika boshqarmalarining xulosalari olindi.
O’z navbatida, Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etilgan tadqiqot ishlari natijalarining milliy statistika amaliyotiga joriy etilishi va foydalanilishi holati yuzasidan monitoring ham yuritildi. Jumladan:
1 - mavzu - “Kichik korxona va mikrofirmalarda iqtisodiy tarmoqlar kesimida (sanoat, savdo, qurilish xizmat, transport) tanlanma kuzatuvlarni o‘tkazish tadqiqoti” mavzusidagi tadqiqot ishi doirasida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Belorussiya amaliyotidagi kichik korxonalarda tanlanma kuzatuv o‘tkazish usullari keng taqdim etilgan, shuningdek, ushbu davlatlarda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi batafsil yoritilgan. Tadqiqot ishida o‘rganilgan materiallar bo‘yicha tegishli xulosalar keltirilgan va savdo faoliyatida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi kichik korxonalarning statistik monitoringini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Tadqiqot ishi natijalari Davlat statistika qo‘mitasining Ishbilarmonlik muhiti kuzatuvlari, tadbirkorlikni rivojlantirish statistika boshqarmasi tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilindi.
2 - mavzu - “Ishchi kuchi tanlama kuzatuvini o‘tkazish bo‘yicha nizom” mavzusi bo‘yicha tadqiqotning maqsadi iqtisodiyot va statistika sohasidagi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini o‘rganish hamda boshqa mamlakatlar amaliyotini tahlil qilish asosida respublika korxona va tashkilotlaridagi mehnat xarajatlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazish metodikasi yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot ishida ma’lumotlarning xalqaro taqqoslanishini ta’minlash uchun foydalaniladigan mehnat statistikasi bo‘yicha xalqaro standartlar, BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti yuritadigan ILOSTAT ma’lumotlar bazasi, XMTning ish haqi va ish haqi xarajatlarini shakllantirish va tahlil qilish bo‘yicha yondashuvlari va AQSh, Yevropa Ittifoqi va MDH davlatlarining mehnat xarajatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash va ular asosida tahliliy ko‘rsatkichlarni shakllantirish bo‘yicha yondashuvlari haqida ma’lumot berilgan, XMTning mehnat xarajatlarining xalqaro standart tasnifida tizimlashtirilgan mehnat xarajatlarini o‘lchash bo‘yicha tavsiyalari o‘rganilgan, O’zbekistondagi mehnat statistikasi va mehnat xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ishga joriy yondashuvlar batafsil o‘rganilib, 3 yilda bir marta mehnat xarajatlari bo‘yicha korxona va tashkilotlarda so‘rov o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilgan, shuningdek, mehnat xarajatlarini tanlab kuzatish uchun anketa loyihasi va uni amalga oshirish bo‘yicha uslubiy qoidalar keltirilgan.
Tadqiqot ishi natijalari "2020-2025 yillarda O’zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalarni amalga oshirishda va mehnat statistikasi bo‘yicha press-reliz va tahliliy materiallar tayyorlashda qo‘llanilmoqda.
3 - mavzu - “Xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida aholi turmush darajasini ifodalovchi ko‘rsatkichlarni hisoblash hamda uy xo‘jaliklari tanlama kuzatuvini o‘tkazish uslubiyatini takomillashtirish” mavzusi bo‘yicha tadqiqot ishi doirasida, uy xo‘jaliklari kuzatuvi milliy amaliyotini yanada takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar, milliy va global darajada uy xo‘jaliklari kuzatuvlarining asosiy turlari hamda ularni qo‘llash yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon banki ekspertlarining va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining tavsiyalari o‘rganilgan, Barqaror rivojlanish dasturining maqsad va vazifalariga erishishni tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni shakllantirish uchun respublikada o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari tanlama kuzatuvi ma’lumotlari xalqaro uslubiy hujjatlarni hisobga olgan holda tahlil qilingan, uy xo‘jaliklari kuzatuvi yangi savolnomalarini joriy etish bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqilgan va kuzatuv asosida shakllanadigan tahliliy ko‘rsatkichlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu tadqiqot ishi natijalari ijtimoiy soha statistikasi va aholi turmush darajasi bo‘yicha tematik nashrlarni tayyorlashda, “2020-2025 yillarda O’zbekiston Respublikasining statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini amalga oshirish jarayonida va Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutining o‘quv jarayonida qo‘llanilmoqda.
4 - mavzu - “Qurilish ishlari hajmini mavsumiy omillarni inobatga olgan holda hisoblash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishini amalga oshirish davomida, qurilish ishlari hajmini hisoblashda mavsumiy omillarni hisobga olish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning uslubiy tavsiyalari tahlil qilindi, unga asosan butun dunyoda qurilish ishlari hajmini korrektirovka qilishning 2 ta algoritmi (X-11, X-11 - ARIMA, X-12 - ARIMA) qo‘llanilib, ular AQShning Ro‘yxatga olishlar byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Tadqiqot ishida xalqaro tashkilotlar tavsiyalari bilan birga, Qozog‘iston Respublikasining tajribasi ham o‘rganilgan bo‘lib, 4 yil uchun unda choraklik dinamikalar seriyasiga asoslangan (jami 16 kuzatuv) mavsumiy tebranishlar tahlil qilingan. Shuningdek, O’zbekistonda qurilish ishlari hajmi bo‘yicha oxirgi 3 yil uchun choraklik diskret ma’lumotlar asosida hisoblash misoli keltirilgan.
Tadqiqot ishida keltirilgan qurilish ishlari hajmida mavsumiy tebranishlarni tekislash usuli Davlat statistika qo‘mitasining Investitsiya va qurilish statistikasi boshqarmasi tomonidan qurilish ishlari hajmini mavsumiy omillarni inobatga olgan holda diskret hisoblash bo‘yicha amaliyotda qo‘llanilmoqda.
5 - mavzu - “Iste’mol savatchasi va tirikchilik uchun eng kam miqdorning aniq qiymati va tarkibi bo‘yicha aholining qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi tadqiqot ishining dolzarbligi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020 29 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida O’zbekistonda aholining minimal iste’mol xarajatlari tushunchasi kiritilishini e’lon qilinishi bilan bog‘liq bo‘lib, uning maqsadi xalqaro statistik tashkilotlarning uslubiy hujjatlarini o‘rganish asosida kambag‘allikni o‘lchashning monetar usullarini milliy statistika amaliyotiga joriy etish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot ishida dunyo bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘ta qashshoqlikka barham berish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar sharhi, Jahon bankining qashshoqlik bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlariga koronavirus pandemiyasining ta’siri natijalari berilgan, qashshoqlikni o‘lchashning asosiy maqsadlari va konsepsiyasi tavsiflangan, mutlaq qashshoqlik chegarasini aniqlash bo‘yicha yondashuv batafsil ko‘rib chiqilgan, umumiy kambag‘allik darajasidan foydalangan holda kambag‘al aholining ulushini o‘lchash uchun minimal iste’mol qiymati va tarkibi bo‘yicha baholashga qaratilgan yondashuv bayon etilgan, kambag‘al aholining ulushini iste’mol savatchasi bo‘yicha baholash usuli tavsiflangan va MDH davlatlarida qo‘llanilayotgan bu usulning bir qator kamchiliklari keltirilgan, qashshoqlik ko‘lamini o‘lchash uchun eng ko‘p qo‘llaniladigan ”qashshoqlik koeffitsiyenti” va “o‘ta qashshoklik koeffitsiyenti” bilan bir qatorda xalqaro amaliyotda eng ko‘p qo‘llaniladigan qashshoqlikning boshqa statistik ko‘rsatkichlari keltirilgan, qashshoqlikni o‘lchash bo‘yicha uy xo‘jaliklari kuzatuvlarining natijalarini xalqaro miqiyosda taqqoslanilishini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar va qashshoqlik chegarasini va qashshoq aholining ulushini aniqlashni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Tadqiqot ishi natijalari, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan iste’mol savatchasi va tirikchilik uchun eng kam miqdorning aniq qiymati va tarkibi bo‘yicha aholining qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasini takomillashtirishda, aholi turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘yicha mavzuli nashrlarni tayyorlashda, “2020-2025 yillarda O’zbekiston Respublikasining statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish jarayonida qo‘llanilmoqda.
6 - mavzu - “Xizmatlar hajmini yanada to‘liqrok aks ettirish maqsadida xizmatlar sohasidagi yashirin sektor hajmini baholash bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha tadqiqot ishining maqsadi MDH davlatlari tajribasini o‘rganish va milliy statistika amaliyotida qo‘llash uchun yashirin faoliyatni hisobga olgan holda xizmatlar hajmini statistitk kuzatish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot ishi doirasida mamlakatda xizmat ko‘rsatish sohasining hozirgi kundagi rivojlanish darajasi, yashirin iqtisodiyotda ishlab chiqariladigan xizmatlar hajmini aniqlash bo‘yicha milliy statistika metodologiyasi va xalqaro tashkilotlar uslubiy tavsiyalari hamda xorijiy tajriba tahlil qilindi, shuningdek, yashirin ishlab chiqarilayotgan qismini ham hisobga olgan holda xizmatlar umumiy hajmini statistik kuzatuvini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, tadqiqotda Rossiya Federatsiyasi tajribasini o‘rganish va Belorussiya Respublikasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yashirin iqtisodiyot sharoitida ishlab chiqariladigan va aholiga ko‘rsatiladigan bozor xizmatlari hajmini baholashni hisobga olgan holda aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmini shakllantirishga asosiy e’tibor qaratilgan.
Mazkur tadqiqot ishi natijalari Davlat statistika qo‘mitasi xodimlarining MDH davlatlarida qo‘llanilayotgan bozor xizmatlari sohasidagi statistik ma’lumotlarni ishlab chikarish usullaridan xabardorligini va amaliy bilimlarini oshirish uchun foydalanilmoqda.
7 - mavzu -“Fermer xo‘jaliklari faoliyatini tanlanma statistik kuzatuvlar usulida o‘rganish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar (xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tajriblarini inobatga olgan holda)” mavzusi bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni tayyorlashda Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi statistika organlari tomonidan ishlab chiqilgan fermer xo‘jaliklari faoliyati tanlanma statistik kuzatuvlari usullari o‘rganib chiqilib, Davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 27 yanvardagi 1 - son qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha uslubiy nizom” bilan taqqoslama tahlil qilingan. Tadqiqot ishining uslubiy tavsiyalarida olingan ma’lumotlarning reprezentativligi, tanlanmaning standart xatolari, variatsiya koeffitsentlari va hisoblash formulalari keltirilgan.
Tadqiqot ishi natijalari Davlat statistika qo‘mitasining Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi tomonidan fermer xo‘jaliklari faoliyatini tanlanma statistik kuzatish amaliyotini takomillashtirishda qo‘llash uchun qabul qilingan.
8 - mavzu - ”Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni aks ettirishda matematik statistika va ekonometrika usullarini keng qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar” mavzusi bo‘yicha tadqiqot ishining maqsadi ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlarni o‘rganishda ekonometrika va matematik statistika usullarini qo‘llashda Davlat statistika qo‘mitasining tegishli bo‘linmalari uchun uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot ishida ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlarni o‘rganishda ekonometrika va matematik statistika usullarini qo‘llashning nazariy jihatlari, bu usullarni qo‘llash algoritmi va ularni qo‘llashda “STATA” amaliy dasturiy paketidan foydalanish bayon etilgan. Tadqiqot ishi natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyalar qishloq xo‘jaligi statistikasi va makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar statistikasi misolida ishlab chiqilgan bo‘lib, Davlat statistika qo‘mitasi barcha tarmoq statistika boshqarmalari tomonidan statistik tahlil jarayonlarida foydalanish imkoniyatini beradi.
9 - mavzu - “Xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida to‘yib ovqatlanmaslik tarqalishi ko‘rsatkichlarini aniqlashga uslubiy yondashuvlar” mavzusi bo‘yicha asosiy maqsadi xalqaro tashkilotlarning uslubiy hujjatlarini batafsil o‘rganish asosida barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) o‘lchash uchun foydalaniladigan ko‘rsatkichlar bilan uyg‘unlashtirilgan to‘yib ovqatlanmaslik va oziq-ovqat xavfsizligining mavjud emasligi ko‘rsatkichlarini O’zbekiston statistika amaliyotida qo‘llash, shuningdek, axborotni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berishdan iborat. Tadqiqot ishi dorasida BMTning 2016 – 2025 yillarga mo‘ljallangan oziq – ovqat muammolari bo‘yicha o‘n yillik harakatlarini amalga oshirish chora-tadbirlar dasturi va uni monitoring qilish uchun zarur bo‘lgan statistik ma’lumotlarni shakllantirishning uslubiy asosi ko‘rib chiqilgan, to‘yib ovqatlanmaslik va FAOning ushbu masala bo‘yicha statistik va uslubiy bazani yaratishdagi o‘rni ko‘rib chiqilgan, ocharchilik miqiyosining o‘zgarish tendensiyasi va uni bartaraf etish usullari tahlil qilingan, O’zbekistonda to‘yib ovqatlanmaslik darajasini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini tavsiflovchi statistik ma’lumotlar, FAO uslubiyoti asosida to‘yib ovqatlanmaydigan aholining ulushi ko‘rsatkichini hisoblash va o‘rtacha yoki og‘ir darajada oziq – ovqat xavfsizligini boshdan kechirgan aholining ulushi haqida bayon etilgan, to‘yib ovqatlanmaslikning tarqalish ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun axborot manbalarini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar, shu jumladan aholi soni va tarkibi, mahsulotlar balanslari, uy xo‘jaliklari kuzatuvlari asosida olingan oziq – ovqat iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Tadqiqot ishi natijalari ijtimoiy soha va aholi turmush darajasi statistikasi bo‘yicha mavzuli nashrlarni tayyorlashda, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan uy xo‘jaliklari uchun so‘rovnomalarni takomillashtirish, aholi turmush darajasi statistikasi bo‘yicha uslubiy qoidalarni ishlab chiqish va Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringini amalga oshirish jarayonida, O’zbekiston Respublikasining statistik salohiyat indeksidagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida qo‘llaniladi.
10 - mavzu - ”Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning statistik tahlilini takomillashtirishning nazariy-uslubiy jihatlari” mavzusidagi tadqiqot ishining maqsadi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning statistik tahlilini amalga oshirish bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi tegishli bo‘linmalari uchun uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot ishida raqamli iqtisodiyotning rivojlanish darajasi bo‘yicha xorij tajribalari, shu jumladan qabul qilingan milliy dasturlari va strategiyalari o‘rganildi, Yevropa ittifoqi mamlakatlarida raqamli iqtisodiyotning rivojlanish darajasini indeks baholash usuli tahlil qilindi, raqamli iqtisodiyotning mamlakatlar makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’siri darajasini baholash usullari o‘rganildi, O’zbekistonda raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini baholash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Tadqiqot ishi doirasida ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyalar makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar statistikasi misolida ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan Davlat statistika qo‘mitasi xodimlarining bilim darajasini oshirishda, tarmoq boshqarmalari tomonidan raqamli iqtisodiyotni statistik tahlil qilish jarayonlarida foydalanilmoqda.
Iqtisodiy muammolar bo‘yicha statistika tadqiqotlari bo‘limi
Ijtimoiy muammolar bo‘yicha statistika tadqiqotlari bo‘limi
-
XКомментарий: Имя: Email:Введите код с картинки: