Asosiy -> Institut haqida -> Qafedralar va bo`limlar -> IJTIMOIY MUAMMOLAR BO‘YICHA STATISTIKA TADQIQOTLARI BO‘LIMI

IJTIMOIY MUAMMOLAR BO‘YICHA STATISTIKA TADQIQOTLARI BO‘LIMI

IJTIMOIY MUAMMOLAR BO‘YICHA STATISTIKA

TADQIQOTLARI BO‘LIMI TOʻGʻRISIDA  N I Z O M


  1. I. Umumiy qoidalar

1. Ijtimoiy muammolar bo‘yicha statistika tadqiqotlari bo‘limi    O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi  Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutining (bundan keyingi o‘rinlarda “Institut” deb yuritiladi)  tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

2. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston  Respublikasining “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi qonuniga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, institut Ustaviga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.

3. Tadqiqot masalalari bo‘yicha faoliyatini  Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparatining  tegishli tarkibiy bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlikda yuritadi.

4. Bo‘lim o‘z faoliyatini  direktorning ilmiy ishlar, innovatsiyalar  va xalqaro aloqalar bo‘yicha  o‘rinbosari rahbarligida amalga oshiradi.

5. Bo‘lim tarkibiga, bo‘lim boshlig‘i, bosh mutaxassis va  yetakchi mutaxassis kiradi.

6. Bo‘limda hujjatlar bilan ishlash institutning tasdiqlangan nomenklaturasi asosida olib boriladi.


II. Bo‘limning asosiy vazifalari va funksiyalari


7. Bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

alohida xududlarda va mamlakatimizda yaxlit ijtimoiy ko‘rsatkichlarni o‘rganish, kuzatish va tahlil qilish pirovardida, ijtimoiy muammolar bo‘yicha statistik tadqiqotlarni amalga oshirish va mos ravishda ilmiy takliflar ishlab chiqish;

ijtimoiy statistika uslublarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirib borish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

ijtimoiy statistika, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar yuzasidan amaliy tadqiqotlarni olib borish;

ijtimoiy statistika sohasida tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha mahalliy va xalqaro loyihalarda ishtirok etish;

ijtimoiy va iqtisodiyot sohasidagi boshqa o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish.

8. Bo‘lim yuqoridagi vazifalardan kelib chiqqan holda quyidagi funksiyalarni bajaradi:

davlat statistikasi tamoyillariga va xalqaro standartlarga mos keluvchi statistika uslublarining yagonaligiga rioya qiladi;

ijtimoiy muammolar bo‘yicha statistika tadqiqotlari doirasida ilmiy-uslubiy va tashkiliy ishlarni bajaradi;

ilmiy ishlarni amalga oshirish rejalarini, bo‘lim vakolatiga kiruvchi meʼyoriy va uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi va ularni tasdiqlash uchun taqdim etadi;

ilmiy-tadqiqot ishlari reja va dasturlarini, shuningdek uslubiy tavsiyalarni va boshqa uslubiy hujjatlarni chop ettiradi;

bo‘limga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Davlat statistika qo‘mitasining tegishli boshqarmalaridan zarur maʼlumotlarni oladi;

olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashish uchun ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy o‘quv yurtlari olimlari va mutaxassislarini o‘rnatilgan tartibda jalb etadi;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajarish uchun boshqa funksiyalarni bajaradi.


III Bo‘limning huquq va majburiyatlari


9. Bo‘lim quyidagi huquqlarga ega:

davlat statistikasi amaliyotida tadbiq etish uchun xalqaro statistika standartlari bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;

jahon tajribasida keng qo‘llaniladigan zamonaviy statistik tahlil metodlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

ijtimoiy muammolar bo‘yicha statistika sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

respublika va xorijiy mamlakatlar ilmiy tadqiqot muassasalalari bilan hamkorlik doirasida tajriba almashish va axborot ayirboshlashda qatnashish;

tegishli masalalar muhokamasi yuzasidan institut Kengashi yig‘ilishlarida ishtirok etish;

ilmiy maqola, risola, monografiya va uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va muhokama qilishda ishtirok etish, ularga taqriz berish hamda nashr uchun tavsiya etish

10. Bo‘limning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

institut Ustavi hamda mazkur Nizom va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni zarur darajada hamda samarali bajarish;

bo‘limning tasdiqlangan yillik ish rejasi asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini yuqori saviyada bajarish;

davlat statistikasining asosiy tamoyillariga rioya etish.


IV. Bo‘lim faoliyatini tashkil etish


11. Bo‘lim faoliyati ilmiy-tadqiqot ishlarni qamrab olgan istiqbolli hamda joriy (yillik) rejalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Rejalar va bo‘lim faoliyatiga tegishli boshqa vazifalarning bajarilishi bo‘lim mudiri boshchiligida muhokama etiladi. Zarur hollarda, Davlat statistika qo‘mitasining xodimlari, institut kafedralari va boshqa bo‘limlarining xodimlari, shuningdek boshqa taʼlim muassasalaridan hamda sohaga oid boshqa korxona va tashkilotlardan xodimlar taklif etilishi mumkin.

Tasdiqlangan rejaga muvofiq bo‘lim ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, tugallangan ilmiy-tadqiqot ishlarini muhokama qiladi, nashr etishga tavsiya beradi, shuningdek, ularning natijalarini ishlab chiqarishga monitoring qiladi, taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlashga eʼtibor qaratadi.

Bo‘lim byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etishda ishtirok etadi, shuningdek, ilmiy- texnikaviy yordam ko‘rsatish maqsadida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalar o‘rnatadi.

Xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan ijtimoiy- iqtisodiy statistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish asosida ular faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganadi, shuningdek ushbu tajribalardan bo‘lim faoliyatida samarali foydalanishni taʼminlaydi.

12. Bo‘limda quyidagi hujjatlar mavjud bo‘lishi kerak:

bo‘lim faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy –xuquqiy hujjatlar to‘plami;

bo‘limda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari hamda xodimlarning mustaqil ish rejalari.


V. Bo‘limning javobgarligi


13. Bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan muhim ustuvor vazifalar va zamonaviy talablardan kelib chiqib, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi Qonuni, institut Ustavi  hamda ushbu Nizomda belgilangan vazifalar, funksiyalar, majburiyatlarni to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, o‘ziga berilgan vakolatlar, huquqlardan qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi uchun javob beradi.

 

 



  • X
    Комментарий: Имя: Email:
    Введите код с картинки: