Asosiy -> Institut haqida -> Qafedralar va bo`limlar -> MOLIYA VA BUXGALTERIYA HISOBI BOʻLIMI

MOLIYA VA BUXGALTERIYA HISOBI BOʻLIMI

MOLIYA VA BUXGALTERIYA HISOBI BOʻLIMI 

TOʻGʻRISIDA N I Z O M

 

I Umumiy qoidalar

 

1.Moliya va buxgalteriya hisobi boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutining (keyingi oʻrinlarda “Institut” deb ataladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.

2.Boʻlim oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi qonuniga, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonuniga, Mehnat kodeksiga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, institut Ustaviga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.

3.Boʻlim oʻz vakolati doirasidagi masalalar boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari, tegishli vazirlik va idoralar bilan oʻzaro hamkorlikda ish olib boradi.

4.Boʻlim oʻz faoliyatini institut direktori va direktor oʻrinbosarlari rahbarligida amalga oshiradi.

5.Boʻlim “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, buxgalteriya hisobining milliy standartlari va sohaga oid nizomlar hamda yoʻriqnomalar asosida institu faoliyati boʻyicha buxgalteriya hisobini yuritadi, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan institut tomonidan toʻlanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha byudjet va davlatning vakolatli organlari bilan hisob-kitoblarni tashkil etadi, instituti faoliyati boʻyicha moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini tayyorlaydi hamda tegishli organlarga taqdim etadi.

6.Boʻlimni oliy maʼlumotga ega boʻlgan boʻlim boshligʻi – bosh hisobchi boshqaradi va unga boʻlim faoliyati uchun shaxsiy masʼuliyat yuklatiladi.

  

II. Boʻlimning  asosiy vazifalari va funksiyalari

 

5.Boʻlimning asosiy vazifalari va funksiyalari quyidagilardan iborat:

asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va boshqa uzoq muddatli aktivlar, ularning amortizatsiyasi, kirimi va chiqimining analitik va sintetik hisobini tashkil etish;

tovar-moddiy zaxiralarning analitik va sintetik hisobini tashkil etish hamda yuritish;

pul mablagʻlarining analitik va sintetik hisobini tashkil etish hamda yuritish;

debitor va kreditor korxonalar bilan hisob-kitoblarni tashkil etish hamda yuritish;

xodimlar bilan hisob-kitoblarni tashkil etish hamda yuritish;

xususiy kapital hisobini tashkil etish hamda yuritish;

daromadlar va xarajatlar hisobini tashkil etish hamda yuritish;

moddiy qiymatliklar harakati boʻyicha hisobotlarni tayyorlash va taqdim etish;

moliyaviy hisobotlarni tayyorlash va tegishli organlarga taqdim etish;

soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisobotlarni tayyorlash hamda soliq organlariga taqdim etish;

davlat statistika hisobotlarini tayyorlash va davlat statistika organlariga taqdim etish;

buxgalteriya hisobini yuritish bilan bogʻliq boshqa hisobotlarni tayyorlash va tegishli foydalanuvchilarga taqdim etish;

Institutga tegishli boʻlgan aktivlarning but saqlanishi va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat oʻrnatish;

6.Boʻlimda  quyidagi hujjatlar boʻlishi va kamida 5 yil davomida saqlanishi kerak:

hisob siyosati;

daromadlar va xarajatlar smetalari;

bosh kitob va boshqa buxgalteriya hisobi registrlari;

buxgalteriya operatsiyalarini tasdiqlovchi dastlabki hujjatlar;

kassa daftari;

ishonchnomalarni roʻyxatga olish kitobi;

moddiy hisobotlar;

moliyaviy, statistika va soliq hisobotlari;

buxgalteriya hisobiga oid boshqa hujjatlar;

buxgalteriya hisobi bilan bogʻliq barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar toʻplami.

 

III. Boʻlimning huquqlari va majburiyatlari

 

7.Boʻlim oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

institut faoliyati boʻyicha buxgalteriya hisobini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlarini, ushbu jarayonda buxgalteriya hisobining milliy standartlarini hamda boshqa meʼyoriy hujjatlarni qoʻllash tartib qoidalarini inobatga olgan holda hisob siyosatini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun direktorga kiritish;

buxgalteriya hisobiga oid meʼyoriy hujjatlarga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni inobatga olgan holda hisob siyosatiga tegishli oʻzgartirishlarni kiritib borilishini taʼminlash;

institutda asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, debitorlik va kreditorlik qarzlari, tovar-moddiy zaxiralar, pul mablagʻlari, ish xaqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning hisoblanishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning hisoblanishi, xususiy kapital elementlari, daromadlar va xarajatlar boʻyicha amalga oshirilayotgan buxgalteriya operatsiyalarini boʻlim mutaxassislari tomonidan oʻz vaqtida va toʻliq dastlabki hujjatlar bilan rasmiylashtirilayotganligini, hisob registrlarida qayd etilayotganligini hamda umumlashtirilayotganligini nazorat qilish;

boʻlim mutaxassislari tomonidan buxgalteriya hisobi boʻlimlari boʻyicha tayyorlangan hisob registrlari asosida amalga oshirilgan operatsiyalarning schyotlar oʻtkazmalarini tayyorlash va memorial yoki jurnal orderlarida umumlashtirish;

memorial yoki jurnal orderlarida shakllangan axborotlar asosida institutning “Bosh kitobini yuritish”;

19-sonli buxgalteriya hisobining milliy standartiga muvofiq institutning pul mablagʻlari, tovar moddiy zaxiralari, asosiy vositalari, hisob-kitoblari, majburiyatlari va boshqa hisob obʼektlari boʻyicha inventarizatsiya oʻtkazilishini tashkil etish;

oʻtkazilgan inventarizatsiya natijasida aniqlangan tafovutlar va ularning bartaraf etilishi boʻyicha operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishini taʼminlash;

institut faoliyati boʻyicha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash;

institut faoliyati boʻyicha belgilangan muddatlarda moliyaviy, soliq, statistika va buxgalteriya hisobiga oid boshqa hisobotlarni tayyorlash va tegishli organlarga taqdim etish;

boʻlimga qabul qilinayotgan mutaxassislarni dastlabki suhbatdan oʻtkazish, sinov muddatida ularning ishini nazorat qilish, baholash hamda ishga qabul qilish yuzasidan taklif kiritish;

boʻlim xodimlarini ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar kiritish;

oʻquv kurslari boʻyicha hujjatlarni toʻgʻri va toʻliq rasmiylashtirilishi yuzasidan institutning boshqa boʻlimlari va kafedralari bilan hamkorlikda ishlanishini taʼminlash;

boʻlim xodimlarining doimiy ravishda malakasini oshirib borish choralarini amalga oshirish;

 

IV. Boʻlim faoliyatini tashkil etish

 

8.Boʻlim oʻz faoliyatini “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonun, buxgalteriya hisobining milliy standartlari va boshqa meʼyoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan hisob siyosati, daromadlar va xarajatlar boʻyicha tuzilgan biznes rejalarga muvofiq tashkil etadi.

Boʻlim ushbu hujjatlarga amal qilinishi va institut faoliyatining moliyaviy natijalari yuzasidan institutning umumiy yigʻilishlarida hisobot beradi.

Boʻlim oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni muhokama qilishda idora va tashkilotlarda institut nomidan qatnashadi.

Boʻlim faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi qonuni, institut Ustavi, ushbu Nizom, institut buyruqlari   va topshiriqlari asosida oʻquv va tashkiliy-uslubiy ishlarni qamrab olgan istiqbolli va joriy (yillik)  rejalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Boʻlim xodimlarining lavozim yoʻriqnomalari boʻlimga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tayyorlanadi va institut direktori tomonidan  tasdiqlanadi.

Boʻlim faoliyati  bilan bogʻliq barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida yuritiladi.

 

V. Boʻlimning javobgarligi

 

9. Boʻlim xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan eng muhim ustuvor vazifalar va zamonaviy talablardan kelib chiqib, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni, institut Ustavi  hamda ushbu Nizomda belgilangan vazifalar, funksiyalar, majburiyatlarni toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, oʻziga berilgan vakolatlar, huquqlardan qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi uchun javob beradilar.

 

 

 



  • X
    Комментарий: Имя: Email:
    Введите код с картинки: