Asosiy -> Янгиликлар -> Qo`mita yangiliklari -> Davlat statistika qoʻmitasining yangi logotipi ishlab chiqildi

Davlat statistika qoʻmitasining yangi logotipi ishlab chiqildi

       Mamlakatimizda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari qatori statistika sohasi ham tubdan isloh qilinib, unga xalqaro standartlar va ilgʻor jahon tajribasi keng tatbiq etilmoqda. Natijada, bunday islohotlar zamirida statistika idoralari mamlakatimizning muhim makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini zamonaviy usullarda aniqlik, shaffoflik va oshkoralik tamoyillari asosida shakllantirishi koʻzda tutilgan.

         Bugungi zamonaviy talablar asosida statistik hisobotlarni qabul qilishda inson omiliga chek qoʻyish, raqamlashtirilgan iqtisodiyotga oʻtish hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imijini ifodalaydigan reytinglarda qatnashish, statistik maʼlumotlarni foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda eʼlon qilish kabi masalalar tizim oldiga qoʻyilgan dolzarb vazifa hisoblanadi.

 

       Ana shunday talablardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi yangilanayotgan, rivojlanayotgan Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi koʻrsatkichlarini aks ettiradigan muhim koʻzgusiga aylanishi, oʻzining qatʼiy pozitsiyasini namoyon etishni maqsad qilgan yangi logotipini ishlab chiqdi.

 

    Davlat statistika qoʻmitasining yangi logotipida lotinchadagi “C” – idora nomining boshlangʻich harfini ifodalaydi. Statistikani bildiruvchi “C” harfining yashil rangda tasvirlanishi mavjudlik, barhayotlik, harakatlanayotgan jarayonni hamda maʼlum bir davriylikni ifodalaydi.

 

 

        “C” harfining oʻrtasida joylashgan diagramma koʻk-oq va qizil rangda belgilangan. Statistik maʼlumotlarning oʻsishi va kamayishini ifodalaydigan belgi (diagramma)ning koʻk-oq rangda keltirilishi hamda ranglar orasidagi uzuqlik maʼlumotlarning ochiqligi, oshkoraligini belgilasa, koʻk rang – haqqoniylik va toʻgʻrilikni ifodalasa, oq rang esa shaffoflik tamoyilini oʻzida aks ettiradi. Diagrammadagi oʻsish va kamayish surʼatini anglatayotgan koʻrsatkich belgining qizil rangda keltirilishi aniqlik, jadallikni ifodalaydi.

 

      Logotipdagi “UZSTAT” qisqartma soʻzi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining umumeʼtirof etiladigan yagona nomi sifatida mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi ishtiroki va statistika idoralarining xalqaro hamjamiyatdagi hamkorligida muhim ahamiyat kasb etishi koʻzda tutilgan.

 

     Yangi logotipni koʻk chiziqli doirada qamrab olinishi – statistika idoralari oʻz maʼlumotlarining haqqoniyligi, ishonchliligi va daxlsizligini taʼminlashini anglatadi.

 

Davlat statistika qoʻmitasi

 

Axborot xizmati

 

 



  • X
    Комментарий: Имя: Email:
    Введите код с картинки: