Асосий -> Statistika potensiali indeksini yaxshilash choralari -> Jahon bankining “Statistik salohiyat indeksi” xalqaro reytingida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2022 – yilning yanvar – iyun oylari davomida koʻrilgan chora - tadbirlar

Jahon bankining “Statistik salohiyat indeksi” xalqaro reytingida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2022 – yilning yanvar – iyun oylari davomida koʻrilgan chora - tadbirlar

    O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4210 - sonli qarori bilan Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti Jahon bankining “Statistik salohiyat indeksi” xalqaro reytingida O’zbekiston o‘rnini yaxshilash bo‘yicha mas’ul muassasa etib belgilangan.

Davlat statistika qo‘mitasi va Institut tomonidan “Statistik salohiyat indeksi”ni yaxshilash bo‘yicha 2019 - 2022 yillar davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorak yakuni bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi (Xalqaro reytinglar bilan ishlash va elektron hukumat tizimini joriy etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish sektoriga), Moliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga  axborot tariqasida hisobot taqdim etib borildi.

I. “Statistik salohiyat indeksi”da O’zbekistonning o‘rni va uni yaxshilash uchun amalga oshirilgan ishlar va kelgusida amalga oshirish belgilangan tadbirlar bo‘yicha. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro reytinglarga doir qarorlarida belgilangan tegishli topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi va Institut tomonidan xalqaro reytingda O’zbekiston o‘rnini bosqichma – bosqich yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida, Jahon bankining hisobotiga ko‘ra, 2020 yil yakuni (eng so‘ngi e’lon qilingani) bilan “Statistik salohiyat indeksi” bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi maksimal 100 balldan 67,8 ball bilan umumiy reytingda  61 - o‘rindan joy olgan (2016 yil hisobotiga nisbatan 62 pog‘onaga, 2019 yil hisobotiga nisbatan esa 16 pog‘onaga ko‘tarilgan).

Davlat statistika qo‘mitasi va Institut tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro reytingda mamlakat o‘rnini yanada yaxshilash bo‘yicha 2021 yilda quyidagi ishlar amalga oshirildi:

- xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi model Qonuni talablari asosida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi;

- xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda tizim faoliyatiga sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlarini joriy etishga kirishildi, jumladan “Statistik ma’lumotlarni taqdim etishning universal modeli” va “Statistik ma’lumotlarni ishlab chiqarish jarayonlarining namunaviy modeli” modellarini joriy etish yuzasidan qo‘mitaning 2021 yil 15 yanvardagi 5-son buyrug‘i qabul qilindi, 2021 yil 23 iyundagi 21-son qarori bilan esa yana bir qator hujjatlar kuchga kiritildi;

- iste’mol narxlari kuzatuvida qo‘llaniladigan tovar va xizmatlar tasniflagichini xalqaro standartlarga to‘liq muvofiqlashtirish maqsadida Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi tomonidan tavsiya etilgan “Maqsadlar bo‘yicha shaxsiy iste’mol tasniflagichi” talablari joriy etildi.

Jahon banki tomonidan bugungi kungacha 2021 yil yakuni bo‘yicha “Statistik salohiyati indeksi” e’lon qilinmagan bo‘lsada, 2021 yil davomida amalga oshirilgan yuqoridagi ishlar natijasida xalqaro reytingda mamlakatimiz 71,1 ball bilan davlatlar o‘rtasida 54 - o‘ringa ko‘tarilishi kutilmoqda.

O’z navbatida, Jahon bankining “Statistik salohiyat indeksi”dagi O’zbekiston bo‘yicha reyting ko‘rsatkichining tahlili shuni ko‘rsatdiki, reyting tuzishda foydalaniladigan jami 25ta komponent ko‘rsatkichlardan 20 tasi bo‘yicha ma’lumotlar Jahon banki ma’lumotlar bazasida to‘liq mavjud va reyting tuzuvchilar tomonidan hisobga olinmoqda. Shu bilan birga, quyidagi 5ta ko‘rsatkich bo‘yicha esa ma’lumotlar ob’ektiv sabablarga ko‘ra Jahon banki ma’lumotlar bazasida mavjud emas va mos ravishda reyting tuzuvchilar tomonidan hisobga olinmagan:

- Xalqaro valyuta fondining “Ma’lumotlarni tarqatish maxsus standarti”ga qo‘shilish;

- aholini ro‘yxatga olish davriyligi;

- qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish davriyligi;

- aholi salomatligini o‘rganish davriyligi;

- daromadlar bo‘yicha qashshoqlik (kuniga 1,9 AQSh dollaridan kam daromadga yashaydigan aholi ulushi).

Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar davlat miqiyosida kelgusi yillarda (2022 – 2025 yillarda) o‘tkaziladigan ro‘yxatga olishlar va maxsus kuzatuvlar natijalariga bog‘liq bo‘lib, ushbu tadbirlar o‘tkazilishi va natijalari rasman e’lon qilinishi bilan reytingda hisobga olinadi. O’z navbatida, bu tadbirlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ - 4273 - son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” va 2020 yil 3 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarori bilan tasdiqlangan “Maqsadli ko‘rsatkichlar”da inobatga olingan.

“Statistik salohiyat indeksi”da O’zbekistonning o‘rnini yaxshilash uchun “2020 - 2025 yillarda O’zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi” va “Maqsadli ko‘rsatkichlar” doirasida kelgusida quyidagi vazifalarni bosqichma - bosqich amalga oshirish belgilab olingan:

1. 2022 yilda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar:

- 2021 yilda o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvlari natijalarini qo‘mitaning rasmiy sayti va YUNISEFning axborot bazasida e’lon qilish;

- MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda O’zbekistonning 2021 yil ma’lumotlari bo‘yicha xalqaro taqqoslashlar dasturida ishtirokini ta’minlash, natijalari asosida milliy valyutaning xarid qobiliyati paritetini aniqlash va e’lon qilish;

- xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda tizim faoliyatiga sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlarini amaliyotga joriy etishni davom ettirish;

- XVFning kengaytirilgan Ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimidan “Ma’lumotlarni tarqatishning maxsus standarti”ga o‘tish;

- barcha turdagi tanlanma statistik kuzatuvlarni o‘tkazish jarayonlariga CAPI, ya’ni maxsus qurilmalar – planshetlarni to‘liq joriy etish.

2. 2023 - 2025 yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar:

- 2023 yilda aholini, 2024  yilda qishloq xo‘jaligini va 2025 yilda biznesni ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli o‘tkazish, natijalarini qo‘mitaning rasmiy sayti va tegishli xalqaro tashkilotlarning axborot bazalarida e’lon qilish;

- xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etiladigan maxsus kuzatuvlarni (YuNISYeF - Multiindikator klaster kuzatuvlari, Xalqaro Mehnat Tashkiloti - ishchi kuchi kuzatuvlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – Demografiya va sog‘liqni saqlash kuzatuvlari) muntazam ravishda o‘tkazib borish va natijalarini tegishli idoralar rasmiy saytlarida joylashtirib borish;

- o‘zgarishlar va erishilayotgan natijalar hususida Jahon banki mutasaddilarini o‘z vaqtida xabardor qilib borish.

II. “Statistik salohiyat indeksi”da O’zbekistonning o‘rnini yaxshilash uchun amalga oshiriladigan ishlar doirasida aniqlangan muammoli masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan statistik tadqiqotlar bo‘yicha. Institut tomonidan davlat rahbarining 2019 yil 25 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ - 4210 - son qarori talablarini bajarish maqsadida, 2020 – 2021 yillar davomida “Statistik salohiyat indeksi” reytingida O’zbekiston o‘rnini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan quyidagi statistik tadqiqotlar amalga oshirildi va Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etildi:

- “Tashqi savdo aylanmasini hisoblashda eksport va import narxlari indekslaridan foydalanish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar” mavzusida;

- “O’zbekistonda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha (qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazgan davlatlar tajribalarini inobatga olgan holda) uslubiy tavsiyalar” mavzusida;

- “Xalqaro taqqoslash dasturining global raundi yakunlari natijalariga ko‘ra daromadlar bo‘yicha qashshoqlik darajasini aniqlash uslubiyatini o‘rganish” mavzusida;

- “Iste’mol savatchasi va tirikchilik uchun eng kam miqdorning aniq qiymati va tarkibi bo‘yicha aholining qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasi yuzasidan uslubiy tavsiyalar” mavzusida.  

Umuman, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 avgustdagi PQ-4796-son qarori bilan tasdiqlangan “2020 - 2025 yillarda O’zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi” doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish orqali, Jahon bankining “Statistik salohiyat indeksi”dagi ko‘rsatkichlar bosqichma-bosqich yaxshilab boriladi va 2025 yilga borib 94 ball bilan xalqaro reytingda dunyo davlatlarining birinchi 10 taligiga kirish vazifasi belgilab olingan.

III. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 maydagi “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat hamda amaliy faoliyat uyg‘unligini ta’minlash chora - tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-246 - sonli qarori talablarining bajarilishini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha. 2004 yildan boshlab e’lon qilib kelinayotgan “Statistik salohiyat indeksi” bugungi kun talablari va chaqiriqlariga to‘la mos kelmayotganligini inobatga olib, Jahon banki tomonidan 2021 yilda mutlaqo yangicha yondashuv asosida mamlakatlarning milliy statistika tizimlari faoliyatini to‘laqonli baholay oladigan yangi “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” uslubiyoti loyihasi ishlab chiqilib, dunyo statistika hamjamiyatiga taqdimot qilindi. Hozirda mazkur indeks parametrlarini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro ekspertlar va mamlakatlarning milliy statistika idoralari takliflari asosida takomillashtirish, shuningdek, o‘tgan yillar uchun ham baholashlarni e’lon qilish ustida ishlar olib borilmoqda.

Yangi indeks aniqroq konseptual motivlarga ega bo‘lib, kuchliroq matematik asoslardan foydalanadi va qamrab olingan ko‘rsatkichlar va mamlakatlar sonini sezilarli darajada kengaytiradi, unda inson kapitali, boshqaruv, qashshoqlik va tengsizlikning boshqa keng tarqalgan rivojlanish ko‘rsatkichlari bilan kuchli bog‘liqligini ko‘rsatadigan empirik dalillar keltiriladi. Bu esa, O’zbekistonda ham milliy statistika tizimi faoliyati samaradorligini oshirish borasida qarorlar qabul qilishda, yangicha yondashuv asosida, loyiha ko‘rinishida bo‘lishiga qaramay “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” uslubiyoti asosida istiqboldagi tadbirlarni rejalashtirishni taqozo etadi.       

Yangi “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” uslubiyotiga ko‘ra mamlakatlarning statistika tizimlari faoliyati  samaradorligi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha aniqlanadi. Bular - ma’lumotlardan foydalanish, ma’lumotlarni tarqatish, axborot mahsulotlari, ma’lumotlar manbalari va ma’lumotlar infratuzilmasi bo‘lib, ular 22 ta kichik yo‘nalishlar va 51 ta indikatorga bo‘linadi.

1. “Ma’lumotlardan foydalanish” yo‘nalishida foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirish uchun statistika tizimi ma’lumotlardan foydalanuvchilar va ishlab chiqaruvchilarni bog‘laydigan va ular o‘rtasidagi muloqotni osonlashtiradigan bir qator xizmatlarning samaradorligi baholanadi. Jumladan, qonunchilik, ijro, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar va xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarning samaradorligi baholanadi.   

2.  “Ma’lumotlarni tarqatish” yo‘nalishida foydalanuvchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi muloqot, o‘z navbatida, yaratilishi kerak bo‘lgan statistik mahsulotlar, shu jumladan mamlakat talablari uchun zarur bo‘lgan mahsulot ko‘rinishi, hajmlari va sifati o‘rganiladi va baholanadi. Bu aniqlik, o‘z vaqtidalik, davriylik, taqqoslash imkoniyati va erkin tarqatish (ma’lumotlarni olish imkoniyati) darajalarini o‘z ichiga oladi.

3. “Axborot mahsulotlari” yo‘nalishida kerakli mahsulotlarni yaratish uchun statistika tizimi hukumat ichidagi va tashqarisidagi turli manbalardan foydalanilishi holati baholanadi. Bunga ro‘yxatga olish (aholi, qishloq xo‘jaligi va h.k.), statistik hisobotlar va so‘rovlar kabi ma’lumotlarni yig‘ishning odatiy usullaridan foydalanish, shuningdek, ma’muriy va idoraviy ma’lumotlar, geomanzilli ma’lumotlar, shuningdek, xususiy sektor va fuqarolardan olinadigan ma’lumotlar kiradi. Kichik yo‘nalishlarda taqdim etilayotgan ma’lumotlar sifati, ma’lumotlarning mavjudligi va ochiqligi, statistika bo‘yicha maslahat va tahlil xizmatlarining faoliyati samaradorligi hamda ma’lumotlarni olish va erkin foydalanish xizmatlarining ishlashi baholanadi.

4. “Ma’lumotlar manbalari” yo‘nalishida mahsulot, xizmatlarni yetkazib berish va oxir-oqibat ma’lumotlardan foydalanish uchun yetarli ekanligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi baholanadi. Kichik o‘lchov yo‘nalishlarida sotsial, iqtisodiy, atrof-muhit, institutsional o‘zgarishlar va islohotlar natijalari bo‘yicha  statistik mahsulotlarni yetarli hajmlarda (kamida umume’tirof etilgan statistika ma’lumotlari hajmida, foydalanuvchilarni qoniqtiradigan darajada) taqdim etilishining holati tahlil qilinadi.

5. “Ma’lumotlar infratuzilmasi” yo‘nalishida qonunchiilik va boshqaruv, standartlar, metodologik uslubiyotlarning umume’tirof etilgan xalqaro normalar va so‘nggi andozalarga mos kelishi, kadrlar salohiyatining talabga javob berishi, hamkorlikning (ichki va tashqi) yo‘lga qo‘yilganligi, statistika idoralari faoliyatini amalga oshirish uchun yetarli darajada moliyalashning ta’minlashi kabi kriteriyalar baholanadi.

Mazkur 5 yo‘nalishda milliy statistika tizimlari faoliyatining baholanishi real voqe’likni aks ettiradi va natijada statistikadan foydalanuvchilarning ehtiyojlari qondiriladi, taqdim etilayotgan rasmiy statistika ma’lumotlariga ishonch darajasi oshadi.

Jahon banki tomonidan “Statistik salohiyat indeksi”ni e’lon qilish to‘xtatilganligini va yangi “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” uslubiyoti loyihasini takomillashtirish ustida ish olib borilayotganligini e’tiborga olib, Davlat statistika qo‘mitasi va uning huzuridagi Institut tomonidan “2022 – 2025 yillarda O’zbekiston Respublikasining statistika faoliyati samaradorligini oshirish strategiyasi” va yangi indeks tarkibiga kiradigan hamda past reyting olinishi mumkin bo‘lgan indikatorlar bo‘yicha mamlakat o‘rnini yaxshilash maqsadida “2022 – 2025 yillarda O’zbekiston Respublikasining statistika faoliyati samaradorligini oshirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihalari tayyorlanib, joriy yil 24 iyundagi 01/3-04-18/2-152 – sonli xat orqali kelishish uchun tegishli vazirliklar va idoralarga yuborildi.

“Strategiya” loyihasida yangi indeksning har bir yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, mavjud muammo va kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari bayon etilgan, shuningdek, strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar keltirib o‘tilgan. “Yo‘l xaritasi” loyihasida esa past reyting baho olinishi mumkin bo‘lgan indikatorlar bo‘yicha 2022 – 2025 yillar davomida ma’sul vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar va mas’ullar belgilangan.   



  • X
    Izoh : Имя: Email:
    Rasmdagi kodni kiriting !!!: