Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida statistik kadrlar ko‘nikmalarini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida tahliliy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularning olgan bilimlarini amaliyotga qo‘llashga yo‘naltirish, xususan, iqtisodiy fanlardan iborat zamonaviy ta’lim standartlari va sifat jihatidan yangi o‘qitish tizimini takomillashtirib borish, ayniqsa xorijiy davlatlarning sohaga oid ilg‘or tajriba va ilmiy-tadqiqot yutuqlarini ayriboshlash hamda xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik qilish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Shulardan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishdagi amaliy natija sifatida, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Statistika qo‘mitasi hamkorligida joriy yilning 15-19-may kunlari Moskva shahrining G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida ilk bor I-Xalqaro talabalar statistika festivali tashkil etildi. Festival doirasida ilk bor Statistika bo‘yicha talabalar xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbir o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad soha uchun malakali kadrlarni shakllantirib borish, statistikaning mavqeini yanada mustahkamlash hamda xalqaro talabalar ilmiy hamkorligini yanada rivojlantirish, shuningdek festival doirasida, statistika sohasidagi boshqa davlatlarning OTM va ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Festival Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va O’zbekiston jamoalari ishtirok etdi. Festival doirasida o‘kazilgan olimpiada jarayonlarida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligining ikkita jamoasi ishtirok etdi. Olimpiada jarayonlari 3 bosqichda tashkil etib, yakuniy natijalarga ko‘ra, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligining 2 ta jamoasi muvafaqqiyatli ishtirok etib, “Ilmiy tadqiqotda ijodiy yondashuv” nominatsiyasi hamda “Eng yaxshi mintaqaviy statistik tahlil” nominatsiyalari bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Statistika agentligi va KMO va STI rahbariyati hamda jamoasini ushbu yutuq bilan samimiy tabriklaymiz. O’ylaymizki, statistika sohasida mamlakatimizda ko‘p bosqichli talabalar olimpiadalari an’anasini tiklash, shu kabi xalqaro olimpidalar uchun iqtidorli talabalarni tanlab olish va ular bilan manzilli ishlash uchun zamin yaratadi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi hamda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, statistika sohasida ilmiy-tadqiqot, metodologiya va amaliyotni chuqurroq o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratmoqda hamda iqtidorli yoshlarni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.
Otabek Qahhorov, O’zbekiston Respublikasi
Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining
KMO va STI prorektori, i.f.d., prof.













